MacBook Pro 2016 muammosi: portlar yetmasa nima qilish kerak?

Qanday qilib «HyperDrive» nomli kichik qurilma yordamida «MacBook Pro 2016» ni «odambashara» noutbukka aylantirish usuli.

5 Yanvar 2017        332      0       Дамир Сагдиев

2016 yilning oktyabr oyida Apple kompaniyasi «MacBook Pro» noutbuklarining yangilangan qatorini taqdim etgan edi. Ko'plab ajoyib imkoniyatlarga ega yangi qurilmaning bir tomoni ko'pchilik «olmasevarlar» ning kayfiyatini buzdi. Muhandislar barcha o'rgangan portlarni olib tashlab, atigi 2/4 ta «Thunderbolt 3/USB Type-C» portini qo'shishdi xolos. Na tashqi monitorni ulab bo'ladi, na fleshkani va na qo'shimcha xotirani.

To'g'rirog'i barcha aksessuarlar va qo'shimchalarni ulasa bo'ladi, ammo faqatgina maxsus qurilma va qo'shimcha «perexodnik» lar yordamida. Ular esa egasidan mo'maygina daromadni talab etadi va uning ustika estetik ko'rinishni buzadi.

Yechim albatta topildi. Turli tuman ishlab chiqaruvchilar o'zlari bilgancha funksionallikni qaytaradigan xablar va o'tqazgichlarni chiqara boshlashdi, ammo ularning narxlari «cho'ntakbop» emas edi.

Nisbatan byudjetli variantni HyperDrive nomli xab ishlab chiqaruvchilari taklif etishdi. Hozirgi kunda «Kickstarter» maydonchasida bu — MacBook Pro 2016 uchun barcha adapter va qo'shimchalar o'rnini bosa oladigan qurilmani yaratish uchun kerak bo'ladigan mablag'larni yig'ish davom etmoqda.

HyperDrive — nima o'zi?

HyperDrive — bu kompakt ko'pportli xab bo'lib, mustahkam alyuminiyli korpusga o'rnatilgan va tashqi ko'rinishi kompyuter brelokni eslatuvchi qurilma. Gadjetning gabaritlari 115 x 28,5 x 8,5 mm, og'irligi — atigi 34 gramm.

HyperDrive «MacBook Pro 2016» ga ikkita ichki Thunderbolt 3 porti orqali ulanadi. Bunda foydalanuvchi ikkita 5 Gbit/s tezlikka ega USB 3.1 razyomi, USB Type-C/Thunderbolt 3 va USB Type-C portlari, shuningdek microSD va SD kartalari uchun portlarga ega bo'ladi. Bundan tashqari qurilma 4K formatida soniyasiga 30 kadr tezlikda HDMI tasvirni uzatish imkoniyatiga ega.

Sodda qilib aytadigan bo'lsak, bu kichik qurilmaga bir vaqtning o'zida quvvatlagichni, ko'chma xotirani, xotira kartasini, tashqi monitorni va boshqa USB-aksessuarlarni ulash mumkin. Ularning barchasi maksimal tezlikda, qizimasdan ishlay oladi.

Xab shunchali kichkinaki, ishlashni tugatgandan so'ng uni noutbukdan yechish ham shart emas. Ikki xil rangdagi korpusi tufayli ular noutbuk oldida ortiqcha ham ko'rinmaydi. Ishlab chiqaruvchilar xab ancha baquvvat bo'lishini va bosimdan yoki tasodifan urilishdan sinib qolmasligini va`da berishmoqda. Istakka qarab, uni osongina yechib cho'ntakka solib olish mumkin.

Qayerda xarid qilsa bo'ladi va narxi?

Agar siz «MacBook Pro 2016» ning baxtli egasi bo'lsangiz va bu qurilmani qayerda sotib olsam bo'lar ekan deb qiziqib qolgan bo'lsangiz, bir oz kutishingizga to'g'ri keladi. Hozircha «HyperDrive» ga faqatgina $69 narxda avvaldan buyurtma berish mumkin xolos. Xaridorlarga qurilmani jo'natishni boshlash 2017 yilning mart oyiga rejalashtirilgan. Qurilma ekran diagonali 13 va 15 dyuym bo'lgan noutbuklarga to'g'ri keladi.

Shuni qayd etib o'tishimiz kerak, «HyperDrive» ni ishlab chiqarish uchun «Kickstarter» da mablag' yig'ish kampaniyasi juda omadli o'tmoqda. Talab etilgan $100 ming o'rniga $1,1 mln — 11 baravar ko'p mablag' yig'ib bo'lindi. Lekin bu omad va talab ko'rsatgichimikan yoki Apple nimanidir noto'g'ri qilayotganidan darakmi?


Izohlar