Shohona sayohatlar: dunyoning 6 ta eng chiroyli poyezdlari

Relslarda yuruvchi qasrlar nomiga loyiq poyezdlar bilan tanishing.

28 Noyabr 2017        5622      0       Екатерина Спрыскова

Lyuks sinf poyezdlarni relslar ustida yuruvchi haqiqiy qasrlar desa bo‘ladi. Kupelarning dabdabali interyeri, vanna yoki restoran ko‘rinishidagi eksklyuziv xizmatlar, sizning sayohatingiz unutilmas bo‘lishini ta‘minlaydi. Sizlarning e‘tiboringizga dunyoning eng badavlat poyezdlarini havola etamiz.


​Rovos Rail, Afrika​

Rovos Rail poyezdi 1911 yil qadimiy yevropacha vagonlardan yasalgan edi. 1989 yil esa uni qayta ta‘mirdan chiqarishdi va shundan so‘ng u butun Janubiy Afrika bo‘ylab yo‘lovchilarni tashiy boshladi. Rovos jami bo‘lib 72 ta yo‘lovchini o‘z bag‘riga ola-oladi. Ularning har biri uchun qimmatbaho mebellar bilan ta‘minlangan alohida kupelar taklif etiladi.

Poyezd viktorian uslubida bezatilgan va unda barcha zamonaviy qulayliklar: dush, alohida hojatxonalar, seyflar, konditsionerlar, ikki kishilik yotoqlar mavjud. Qirollik lyuks kupesida esa, maydoni 16 kvadrat metr bo‘lgan dabdabali yuvinish xonasi ham bor.


Sayohat vaqtida yo‘lovchilar panorama derazalardan yon atrofni tomosha qilishlari mumkin. Poyezdning «dumida» esa, oynavand devorli bar mavjud. Rovos Rail da umumiy vagon-restoran va alohida mehmonxona ham ko‘zda tutilgan. Menyuda afrikancha milliy taomlar va kolleksiya vinolari taklif etiladi. Restoranda kechki taomni tanovvul qilishlari uchun yo‘lovchilar oqshom liboslarini kiyishlariga to‘g‘ri keladi.

Belmond Grand Hibernian, Irlandiya

Grand Hibernian poyezdi bir vaqtda 40 ta yo‘lovchini tashishi mumkin. Bunday kam sondagi yo‘lovchini jami besh dona bo‘lgan kupelar kompensatsiya qiladi. Har bir kupe Irlandiya grafliklari nomi bilan atalgan bo‘lib, o‘ziga xos rang uyg‘unligida bezatilgan. Dizaynerlar Irlandiyaning madaniy merosi, zamonaviy texnologiyalar, dabdaba va shinamlikni uyg‘unlashtira olishgan. Poyezdning har bir kupesi yuvinish xonasi, ish stoli va garderob xonasi bilan ta‘minlangan. Yo‘lovchilar Irlandiya manzaralaridan tomosha qilish vagonining panorama derazalar ortidan bahra olishlari mumkin.


Vagon-restoran menyusi mehmonlarga milliy irland taomlarini taklif qiladi. Yo‘lovchilar vagon-restoranda ham, to‘rt kishilik stollar bilan ta‘minlangan vagonda ham taom iste‘mol qilishlari mumkin.

Belmond Andean Explorer, Peru

Shu yilning may oyidan boshlab Peruda «Andean Explorer» poyezdi harakatlana boshladi. U yo‘lovchilarni mamlakatning go‘zal tarixiy hududlariga olib boradi. Poyezd oddiy vagon-kupelar bilan bir qatorda bir kishilik va ikki kishilik yotoqlarga ega lyuks vagonlarga ham ega.

Yo‘lovchilar nonushta va kechki ovqatni vagon-restoranda yoki haqiqiy terassada tanovvul qilishlari mumkin. Menyu Andda yetishtirilgan eng g‘aroyib taomlarni o‘z ichiga olgan. Restoranga kirish uchun dress-kodga amal qilish lozim. Ayollar uchun oqshom ko‘ylaklari, erkaklar uchun esa kostyum-shim talab qilinadi.


Vagon-restorandan tashqari poyezdda barli salon ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu yerda yo‘lovchilar bir-birlari bilan tanishishlari, manzaralarni muhokama qilishlari va shunchaki dam olishlari mumkin. Salonda royal o‘rnatilgan bo‘lib, unda taklif etilgan musiqachilar o‘ynashadi.


Golden Eagle, Rossiya

Rossiyaning «Oltin Burgut» poyezdi dunyodagi eng qimmat yo‘lovchi poyezdi deb tan olingan. 2016 yil chipta narxi $15 495 dan boshlangan, 2017 yil esa «kumush sinf» chiptasi $14 395 gacha arzonlashgan.

«Golden Eagle» jami bo‘lib uchta sinfdagi kupelarni taklif etadi: kumush, oltin va imperial. Bu poyezdda tomosha qiladigan ancha-muncha narsa bor: tilla suvi yugurtirilgan jihozlar, qimmatbaho yog‘och navlari, tabiiy charm va badavlat matolar. «Oltin Burgut» da Moskvadan Vladivostokka bo‘lgan sayohat vaqti qanday o‘tganini sezmay ham qolasiz.


Poyezdda vagon-klub bo‘lib, undagi divanlar qizil rangdagi baxmal mato bilan qoplangan, shaxmat o‘ynash uchun stollar va kutubxona mavjud. Bu yerda mini-bar ham bor. Har bir kupe konditsioner, DVD-pristavkali televizor, barcha kerakli buyumlar bo‘lgan alohida dush va hojatxonaga ega.

Imperium sinf kupelarda isitiladigan keramik pollar o‘rnatilgan. Poyezdda ikkita restoran bo‘lib, ulardan biri kechasi kinoteatrga aylantiriladi. Ikkita vagon oshxona va omborxonaga aylantirilgan. «Golden Eagle» mahsulotlari yo‘ldagi bekatlardan xarid qilinmaydi.

«Oltin Burgut» transsibir ekspressi deb atalsada, u shoshmasdan yuradi. Moskvadan Vladivostokkacha bo‘lgan yo‘l 15 kunni tashkil etadi. Baykal ko‘li oldidan o‘tayotib poyezd to‘xtaydi va yo‘lovchilarga ko‘l bo‘yida piknik uyushtirish imkoniyati beriladi.


Maharajas Express, Hindiston

«Maharajalar Ekspressi» — Osiyoning eng qimmat yo‘lovchi poyezdidir. Bu g‘ildiraklar ustidagi haqiqiy qasr — uning butun interyeri Hindistondagi haqiqiy qasrning nusxasidir. Poyezd qimmatbaho gilamlar bilan bezatilgan, badavlat yog‘och navlari va charm bilan ishlov berilgan.

Har bir kupeda suyuqkristalli televizorlar, internet va telefon aloqasi, seyflar, alohida ish kabinetlari, minibarlar va dabdabali yuvinish xonalari mavjud. Prezident lyuksi ikkita yotoqxona, alohida ovqatlanish xonasi, mehmonxona va keng yuvinish xonalaridan iborat. Bundan tashqari poyezdda panorama derazalarga ega alohida kupelar ham bor. Ular orqali Hindiston tabiatini kuzatib borish mumkin.

Har bir vagonda xizmatchi bo‘lib, u yo‘lovchilar to‘g‘risida qayg‘uradi. Xizmatchilar safidan yuqori toifali tibbiyot xodimlari, barmenlar va bir nechta bosh-oshpazlar o‘rin olgan.


Poyezdda ikkita vagon-restoran, safari-bar va launj-bar, kutubxona va umumiy mehmonxona mavjud. Ularning barchasi milliy hindcha an‘ana bo‘yicha bezatilgan.

Barlarda yo‘lovchilar vaqtlarini stol o‘yinlari o‘ynab yoki kolleksiya sharoblaridan ichib o‘tkazishlari mumkin. Kutubxonada esa qadimiy kutublar bo‘lib, «Maharajalar Ekspressi» da hech kim zerikib qolmaydi.


Seven Stars, Yaponiya

Seven Stars yoki «Nanatsubosi» — bu kruiz poyezd bo‘lib, yo‘lovchilarni Kyusyu oroliga olib boradi. U yettita vagondan iborat bo‘lib, ular orolning 7 ta perfekturasi timsoli hisoblanadi.

Bu poyezd betakrordir — bundan avval Yaponiyada bu turdagi poyezdlar bo‘lmagan. Uning interyeri retro uslubda bo‘lib, barcha ichki hududlar yog‘och bilan bezatilgan.

Poyezdda royali va minibari bor kupe-mehmonxona bo‘lib, unda yumshoq divanlar va aylanuvchi o‘rindiqlar o‘rnatilgan. Shuningdek, sostav tarkibida panorama derazalarga ega tomosha maydonchasiga ham ega.

Poyezdda uch turdagi kupelar bo‘lib, ularning har birida ikki kishilik yotoq, alohida dush xonalari va hojatxonalar bor. Eng katta kupe 21 kvadrat metr hududni, eng kichigi esa, 10 kvadrat metr hududni egallagan.


Qiziq tomoni, poyezdga chiptani kamida yarim yil avval buyurtma berish lozim, chunki «Yetti Yulduz» da sayohat qilishni istovchilar soni juda ko‘p. Chipta kimga nasib qilishi uchun hatto qur‘a ham tashlashadi. Buning ustiga narxi ham arzon emas, oddiy vagonda sayohat uchun deyarli $7 000 narx to‘lanadi.


Izohlar